Windows haqida ma lumot
30 yil avval 1985 yilning 20 noyabr kuni Microsoft korporatsiyasi Windows operatsion tizimining ilk versiyasini taqdim etdi.
Microsoft korporatsiyasi 1975 yilda Bill Geyts va Pol Allen tomonidan tashkil etilgan. 1970-yillarning oxirida u shaxsiy kompyuterlar uchun operatsion tizim (OT)larni ishlab chiqarish bilan shug‘ullana boshladi. MS-DOS operatsion tizimning birinchilaridan edi, uning boshqaruvi buyruq qatori orqali amalga oshirilgan.
WINDOWS 1
1983 yil 10 noyabrda Microsoft Windows (ingl. «Oyna») nomli ilk grafik qobiqga ega bo‘lgan dastlabki OTni taqdim etdi. Uning savdolari 1985 yil 20 noyabrda boshlandi. Deyarli MS-DOS tarkibida bo‘lgan ushbu operatsion tizimga asosiy ilovalar kiritilgan: kalkulyator, bloknot, Paint grafik muharriri, Write matn muharriri, soat, o‘yinlar va b.
Tizim bir necha vazifani bir vaqtning o‘zida bajarish imkonini berar edi, biroq ular ekranda bir-birini to‘sib qo‘ygan holatda joylashar edi. OS apparat ta’minotida yuqori talablar va o‘sha vaqtda keng tarqalmagan sichqonlarni sotib olish zarurati tufayli mashhurlikka erishmadi.
Windows operatsion tizimi nusxasining ilk narxi Amerika bozorida 100 AQSh dollarini tashkil etgan, 500 ming nusxa sotilgan. Windows OT Apple kompaniyasi tomonidan Lisa kompyuterlari uchun ishlab chiqilgan (1983 yildan boshlab chiqarila boshlagan) grafik interfeysli boshqa operatsion tizimining raqobatchisiga aylandi.
WINDOWS 2
1987 yil 9 dekabrda Windows 2 OT taqdim etildi (natijada uning takomillashgan ko‘rinishlari chiqarila boshlandi). U mukammallashtirilgan interfeys, shuningdek dastur oynalarining yig‘ilishi imkoniyati bilan ajralib turar edi. Ilk narxi 100 AQSh dollarini tashkil qilgan, 1 million nusxa sotilgan.
WINDOWS 3
1990 yilning 22 mayida Windows 3 chiqarildi. Uning avvalgilaridan farqi, u 256 xil rangdagi dasturlar (avvalgilarida 16 ta rang) ni ishga tushirish imkoniga ega edi, bir qator qo‘shimcha yangiliklar ham kiritilgan. 1992 yilda tarmoq ilovalari (Internetga ulana oladigan TCP/IP ham shular jumlasidandir) va rus tilini ishga tushira oladigan Windows 3.1 talqini paydo bo‘ldi. OTning dastlabki narxi 149,45 AQSh dollarini tashkil qilgan. Windows 3.x Microsoft’ning tijorat jihatdan muvaffaqiyatga ega bo‘lgan ilk talqini edi, uning 25 million nusxasi sotildi.
WINDOWS NT — BARChA ZAMONAVIY WINDOWS’ LARNING ASOSI
1993 yilning 27 iyulida Windows NT OT paydo bo‘ldi, u serverlar bozori (kompyuter tizimini ta’minlovchi kompyuterlar) va ishchi stansiyalar (statsionar kompyuteralar)ga yo‘naltirilgan edi. U odatiy Windows OTdan alohida ishlab chiqilgan, barcha zamonaviy Windows’larning asosiga aylandi.
WINDOWS 95
1995 yilning 24 avgustida shaxsiy kompyuterlar uchun Windows 95 operatsion tizimi chiqarildi, unda (Start) tugmachasi paydo bo‘ldi, 16 bitli to‘liq palitra (65 mingdan ortiq ranglar) ishga tushirildi va interfeys elementlari joyi o‘zgartirildi, bu joylashuv Windows 8 paydo bo‘lguniga qadar saqlanib qoldi.
Windows 95 Microsoft va IBM-PC kompyuterlariga bozorda Apple’dan o‘zib ketish va yetakchilik qilish imkonini yaratdi. Birinchi yilning o‘zidayoq Windows 95’ning 40 million nusxasi 210 AQSh dollari narxida sotildi (Windows 3.1 talqinida esa narx 110 AQSh dollarini tashkil etgan).
WINDOWS 98
1998 yilning 25 iyunida Windows 98 OT chiqarildi. Windows 95’ning rivojlantirilgan talqini USB qurilmalari va katta hajmli qattiq disklardan foydalanish, internet, jumladan Internet Explorer i Outlook Express’dan foydalanishda yanada yaxshilangan imkoniyatga ega edi. Dastlabki to‘rt kundayoq 530 ming nusxa 110 AQSh dollaridan 210 AQSh dollarigacha bo‘lgan narxda sotilgan.
WINDOWS ME
2000 yilning 19 iyunida Windows 9x — Millenium Edition platformasidagi so‘nggi OT chiqarilgan. U uyda fodalanish uchun mo‘ljallangan, tomosha qilish, videolarni tahrir qilish va boshqa bir qator imkoniyatlarga ega bo‘lgan. Turli OAV va ekspertlar uning ishonchlilik darajasi past ekanligini bir necha bor tanqid ostiga oldilar. Dastlabki uch kun ichida 200 ming ta nusxa 59,95 AQSh dollari narxida sotilgan.
WINDOWS XP – ENG MAShHUR VeRSIYaSI
2001 yilning 15 avgustida Windows XP OT savdolari boshlandi, u OT tarixidagi eng mashhurlaridan biriga aylandi. Texnik yordamga chek qo‘yilishi va viruslarga nisbatan nozik bo‘lishiga qaramay, NetMarketshare tahliliy saytining ma’lumotlariga qaraganda, u hozirga qadar dunyodagi barcha kompyuterlarning 11,68 foizida o‘rnatilgan. Dastlabki narxi 85 AQSh dollaridan boshlanadi. 2015 yil holatiga ko‘ra, 1 milliardga yaqin nusxasi sotilgan.
WINDOWS VISTA
2006 yilning 30 noyabrida Windows Vista paydo bo‘ldi. Asosiy yaxshilangan tomonlari orasida viruslarga qarshi himoya va Aero grafik interfeysini qayd etish mumkin. Mazkur OTni operatsiyalarni sekin amalga oshirishi, doimiy ravishda parolni kiritish va kompyuter qaroqchiligi huquqidagi murakkab tizim tufayli tanqid qilishgan. Sotuvlar boshlanganidan bir oy o‘tgach, 20 million nusxa talqiniga qarab 199 dan 399 AQSh dollarigacha bo‘lgan narxda sotilgan.
2009 yilning 22 oktabrida Windows 7 OT savdoga chiqarildi. Unda Vista’dagi kamchiliklar bartaraf etilgan va interfeys yaxshilangan. Dastlabki narxi – 159,99 dan 319,99 AQSh dollari qiymatida. Ikki yil ichida 450 millondan ortiq nusxalar sotildi. NetMarketshare ma’lumotlariga ko‘ra, 2014 yilning noyabrida dunyodagi barcha kompyuterlarning 55,71 foizida o‘rnatilgan.
WINDOWS 8
2012 yilning 26 oktabrida Microsoft Windows 8 OTni ishga tushirdi. Unda “Pusk” tugmasidan voz kechish va foydalanuvchi interfeysini butunlay qayta ishlab chiqib, ekrandagi “plitka” elementlari ko‘rinishida «Metro» muhitiga almashtirishga qaror qilindi.
Mazkur talqin oddiy kompyuterlarga qaraganda planshetlar uchun mo‘ljallangan deya tanqid ostiga olingan. Kamchiliklarning bir qismi Windows 8.1 da bartaraf etildi. Dastlabki olti oy ichida 100 milliondan ortiq nusxasi sotildi. Ilk narxi 14,55 dan 199,99 AQSh dollarini tashkil etgan. 2015 yil iyun oyi holatiga ko‘ra, 10,68 foiz shaxsiy kompyuterlarda undan foydalanilmoqda.
WINDOWS 10
2015 yilning 25 iyulida yangi talqin Windows 10 sotuvga chiqarildi. U barcha platformalar – serverladan tortib, mobil telefonlar uchun yagona tizimga aylandi. O‘zgartirilgan elementlar orasida shaxsiy kompyuterlar uchun «Pusk» menyusi va tugmasining qaytishini alohida ta’kidlab o‘tish mumkin. Windows 7 va Windows 8 OT foydalanuvchilari yangi talqinga bepul “apgreyd” ga ega bo‘lishdi, yangi nusxa 119 dan 199 AQSh dollari qiymatida edi. Ilk 2,5 oy mobaynida yangi tizim 110 milliondan ortiq kompyuterlarda o‘rnatildi, operatsion tizim bozoridagi ulushi 2015 yil noyabr oyi holatiga ko‘ra, 7,94 foizni tashkil etmoqda.
BOZORDAGI ULUShI
NetMarketshare ma’lumotlariga qaraganda, Windows’ning barcha talqinlari dunyodagi shaxsiy kompyuterlardagi OT umumiy bozorining 90,42 foizini egallaydi. Serverlar bozoridagi ulushi – 30 foizga yaqin (NetCraft ingliz kompyuter kompaniyasi ma’lumotlari).
Microsoft Windows 10 operatsion tizimini taqdim etdi
30-sentabr kuni Microsoft kompaniyasi Windows operatsion tizimining Windows 10 deb nomlangan yangi versiyasini taqdim etdi. Bu haqda The Verge ma’lumotiga asoslanib “Parol” nashri xabar berdi.
Avvalroq ushbu operatsion tizimning yangi versiyasi Windows 9 yoki boshqa biror bir nom bilan nomlanishi kutilayotgan edi . Ammo hech kim Windows’ning yangi versiyasi Windows 10 deb nomlanishini taxmin qilmagan edi.
Windows 10 operatsion tizimi Windows 7 bilan o‘xshash va Windows 8’dan ayrim xususiyatlarni o‘ziga olgan. Bu bilan yangi Windows versiyasi sensorli ekran va klaviatura hamda sichqoncha yordamida kompyuterdan foydalanuvchilarning barchasiga mos keladi.
Eslatib o‘tamiz, Windows 7 klaviatura va sichqonchada kompyuterdan foydalanuvchilar uchun qulay, Windows 8 esa sensorli ekranga ega kompyuterlar uchun ishlab chiqarilgan va ko‘pchilikka aynan shu xususiyati sabab ma’qul kelmagan edi.
Yangi versiyaga bir qancha ish stollari bilan ishlash funksiyasi qo‘shilgan. Bunda bir nechta ish stolida alohida vazifalarni bajarish va ulardan bir-biriga ma’lumotlarni ko‘chirish mumkin.
Windows 10’ga yana Start Menu – “Pusk” tugmasi qaytarilgan va undagi izlash funksiyasi takomillashtirilgan.
Taqdimotda Windows’ning o‘ninchi versiyasi 4 dyuymdan 80 dyuymgacha bo‘lgan displeylar uchun mo‘ljallangan deb aytildi. Bundan tushunish mumkinki, yangi Windows versiyasi telefon, planshet va kompyuterlar uchun birdek mo‘ljallangan.
Shuningdek, Windows’ga “One product family. One platform. One store” – bitta mahsulot oilasi, bitta operatsion tizim, bitta do‘kon deya ta’rif berildi.
Taqdimot so‘ngida nima uchun Windows’ning yangi versiyasi aynan Windows 10 deb nomlangani so‘raldi. Windows rahbari Terri Miersonning so‘zlariga ko‘ra, yangi versiya taqdim etilganidan so‘ng uni ishlatib ko‘rib, nima uchun aynan Windows 10 deb nomlanganini tushunib olish mumkin.
Hozirda istalgan kishi Windows Insider Program ’ga a’zo bo‘lib, Windows 10 operatsion tizimini sinab ko‘rishi mumkin. Windows 10’ning to‘liq turi esa 2015-yilning ikkinchi yarmida barcha uchun foydalanishga topshiriladi.
Windows 10 dizayniga bir qancha o‘zgarishlar kiritilgan bo‘lib, tizim skrinshotlarini “Parol” nashrining ushbu fotojamlanmasi da tomosha qilishingiz mumkin.
Microsoft haqida qiziqarli 12 fakt
Microsoft’ning Windows’ini besh barmog‘ingizdek bilasiz, lekin kompaniyaning o‘zi haqida nimalardan xabardorsiz? O‘ylanib qoldingiz-a? Hechqisi yo‘q. Besh daqiqadan so‘ng bu savolga javob bera oladigan bo‘lasiz. Gapni ortiqcha cho‘zmaymiz. Boshladik!
1. MS-DOS’ni Microsoft yaratmagan.
1980 yilda Seattle Computer Products 86-DOC nomi ostida sotilgan Quick and Dirty operatsion tizimni yaratdi. Microsoft esa 86-DOS’ning litsenziyasini sotib olgan va ko‘p sonli tuzatish ishlaridan so‘ng uni qayta nomlagan.
2. Microsoft ko‘p marotaba sudga tortilgan.
So‘nggi o‘n yilliklardagi bu mojarolarning katta qismi esa monopoliya siyosatiga bog‘liq.
3. Bill Geyts Microsoft’ni yaratish uchun Garvarddagi o‘qishini tashlagan.Korporatsiya bosh direktori Steven Ballmer esa Garvardni tugatgan, ammo Microsoft’ga qo‘shilish uchun Stenford universitetida davom etayotgan aspiranturasidan voz kechgan.
4. Microsoft boshida Micros-soft deb nomlangan. 1976 yilda esa chiziqcha olib tashlanadi. Microsoft so‘zi microcomputer (mikrokompyuter) va software (dasturiy ta’minot) so‘zlarining yig‘indisidan hosil bo‘lgan.
5. Windows esa boshida Interface Manager deb atalgan.
Yaxshiyamki, marketing bo‘limi ushbu nomdan voz kechgan.
6. «Windows Vista chiqishi bilan Microsoft “aynidi“.
Ushbu gapni Windows Vista operatsion tizimi taqdim qilingan kuni Microsoft’ning sobiq vitse-prezidenti Jim Allchin aytgan edi. Agar u Microsoft’da ishlamaganda, Apple’ning Mac’ini sotib olgan bo‘lar edi. Buni uning o‘zi aytgan.7. 1994 yilda Windows uchun birinchi virus WinVer 1.4 paydo bo‘ldi.
8. Microsoft’ning 20 mingdan ortiq patentlari mavjud.
9. Microsoft o‘z logotipini 25 yil deganda birinchi marta yangilagan.
Yangi logotip korporatsiya tarixidagi beshinchisi bo‘lib, Metro interfeysi asosida tayyorlangan.
10. Microsoft zamonaviy san’atning ulkan to‘plamiga egadir.
Korporatsiya kolleksiyasida besh mingdan ortiq zamonaviy san’at asarlari, shu jumladan, rasmlar, haykallar, fotosuratlar va multimedia loyihalari jamlangan.
11. Microsoft’dagi muhim voqealarni M&M’s (shirinlik kompaniyasi) nishonlaydi.12. Microsoft’ga ishga kirayotganlarga intervyuda g‘alati savollar berishadi.
«Nega kanalizatsiya teshigining qopqog‘i dumaloq?» kabi. Korporatsiyadagi suhbat paytida shablon savollar Microsoft tomonidan ishlab chiqarilmaydigan mahsulotni loyihalash to‘g‘risidagi so‘rov bilan almashtirilib qolishi ham mumkin. Masalan, gap kosmonavtlar uchun kofe qaynatgich haqida bo‘lishi mumkin. Biroq, ahmoqona ko‘rinadigan bu amaliyot ijodiy fikrlashga ega nomzodlarni aniqlashga imkon beradi.
Husan Qodirov tayyorladi.
14 yanvarda «janozasi o‘qilgan» Windows 7 haqida 7 fakt
Microsoft korporatsiyasi kuni kecha – 2020 yilning 14 yanvarida rasman e’lon qilishicha, u endi Windows 7’ning iste’molchilarga mo‘ljallangan versiyasi uchun apdeytlar chiqarmaydi. Bu esa bir paytlar o‘ta ommabop bo‘lgan ushbu operatsion tizimning «o‘lgan»ini anglatadi.
Kompaniya avvalroq bu tizimni qo‘llab-quvvatlashni tugatish hamda uning uchun pulli yangilanishni joriy etish rejasini e’lon qilgandi. U hatto kishilarni yangi Windows’ga o‘tishga majburlashning antiqa yo‘lini qo‘llashga o‘tgandi. Ammo 2020 yilning 3 noyabriga belgilangan AQSh prezidenti saylovi munosabati bilan, Windows 7 foydalanuvchilariga bir qulaylik taqdim etgandi.
Umuman olganda, Windows 7 tizimli kompyuter va noutbuklar hali ishlashda davom etaveradi, ammo ularda tizimning o‘zi yangilanmaydi, xavfsizlik patchlari chiqarilmaydi va bora-bora ushbu tizim uchun yangi dasturlar chiqmay qoladi. Shu sababli ham Microsoft uning foydalanuvchilariga Windows 10’ga yangilanib olishni qattiq tavsiya qilmoqda.
Quyida esa tarixga aylanib borayotgan Windows 7 tizimi haqidagi yettita fakt bilan tanishamiz.
- Windows 7 operatsion tizimini yaratish ustida2500kishi ishlagan
Microsoft korporatsiyasi Win7 ustida ish boshlaganida, xato qilishga haqqi yo‘qligini anglab turardi – yaqindagina chiqqan Windows Vista tizimi «xom»ligi sababli tanqidlarga duchor bo‘lgan. Shu boisdan ham Windows 7 undagi xatoliklarni to‘g‘rilashi va kompaniyaning tushib ketgan nufuzini ko‘tarib berishi lozim edi.
Buning uchun IT-gigant ikki yarim minglik xodimlarini bu ishga jalb etgan – har holda, ommaviy axborot vositalarining hisob-kitoblariga ko‘ra. Microsoft har biri 100 kishilik 25 ta guruh tashkil etgan, ular qatorida dasturchilar, testerlar va menejerlar bo‘lgan. Har bir yuztalik guruh o‘ziga qarashli qism ustida ishlagan: birlari yadroni tayyorlagan, boshqalari interfeys bilan shug‘ullangan.
- Windows 7 hali sotuvga chiqmay turib Garri Potterdan ham mashhur edi
Undan oldingi «chala» chiqqan tizim o‘rniga Microsoft zo‘rini va’da qildi va xalq bunga ishonib kutdi. Angliyadagi Amazon onlayn do‘konida Win7 uchun sakkiz soatda oldindan berilgan buyurtmalar soni Vista tizimining burcha avvaldan sotishlari sonidan oshib ketgan! Bugina emas – Amazon UK tarixida eng ko‘p oldindan buyurtma qilingan tovar ayni shu Windows 7 bo‘lgan va ommabopligi bo‘yicha hatto Garri Potter haqidagi so‘nggi kitobdan ham oshib ketgan.
- Win7 deyarli 11 yil umr ko‘rdi
Vista’ning muvaffaqiyatsiz debyutilan ikki yil o‘tiboq – 2009 yilning 22 oktyabrida Windows 7 taqdim etilgan. Unda qayta ishlangan Aero-interfeys, sensorli qurilmalar uchun multitach, virtual qattiq disklar qo‘llovi kabilar bor edi. Lekin eng asosiysi – operatsion tizim barqaror ishlar va oldingi dasturlaru drayverlar unga bemalol tushar edi.
- Birinchi yiliWin7soniyasiga7,6donadan sotilgan
Oldindan buyurtma berishlarning dinamikasi ushbu operatsion tizimning muvaffaqiyatidan darak berardi, ammo ochiq sotuvga chiqqanidan so‘ng ubarcha rekordlarni sindirdi. Windows 7 bir yilning o‘zidayoq 240 million nusxadan ortiq sotildi va bu har soniyaga 7,6 donadan to‘g‘ri keladi! Taqqoslash uchun keltirib o‘tamiz: undan keyingi Windows 8 operatsion tizimining 260 million nusxada sotilishi uchun uch yil vaqt kerak bo‘lgan.
- Unga faqat Windows 10 bas keldi, shundayam 2019 yilda!
Windows 8 operatsion tizimi ham, uning Windows 8.1 talqini ham Windows 7 kabi ommalasha olmadi. Ushbu afsonaviy operatsion tizimni quvib o‘tishga faqat Windows 10 muvaffaq bo‘ldi. Shundayam uning bu g‘alabasi 2019 yilga to‘g‘ri keldi – Windows 7 o‘z taqdimotidan o‘n yil o‘tibgina yengildi. O‘tgan yili dunyo bozorida o‘ninchi avlod Windows ulushi 39 foizni tashkil etgan bo‘lsa, yettinchisi hissasiga 36 foiz to‘g‘ri kelgan.
- 200 million kishi haliyam Windows 7 ishlatyapti
Bugungi kunda jahon bo‘ylab foydalanuvchilar kompyuterlarining taxminan 12 foizi Windows 7 operatsion tizimi boshqaruvi ostida ishlamoqda, bu esa taxminan 200 millionta qurilma, deganidir. Biznes-sektorda esa uning ulushi ancha yuqori – o‘tgan yilgi ma’lumotlarga ko‘ra, korxona-tashkilotlarning taxminan yarmi hali undan voz kechmagan.
- Saylovlarvakorporativmijozlar sharofati bilan Windows 7 hali yashayveradi
Qo‘polroq qilib aytganda, Windows 7 «janozasi o‘qilgan» bo‘lsa-da, uni butkul «dafn etish»ga hali erta: shaxsiy kompyuterlarda bu tizim qo‘llab-quvvatlanmasa-da, biznes segmentida hali to‘laqonli faoliyat yuritadi. Buning birinchi sababi, yuqorida yozganimizdek, AQShdagi prezidentlik saylovi bilan bog‘liq; ikkinchidan, Microsoft o‘zining korporativ mijozlari uchun Windows 7 tizimini 2023 yilgacha qo‘llab-quvvatlashda davom etadi.